2019-yilning 23-avgust kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida xalq taʼlimi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod maʼnaviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi.

Mazkur yig‘ilish bayoniga muvofiq vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyatlari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari, sektor rahbarlarining maktablarni otaliqqa olish ro‘yxati va ularning o‘quv muassasalariga tashriflari rejasi tasdiqlangan.

Belgilangan vazifalar ijrosini ta`minlash maqsadida Davlat statistika qo‘mitasi Raisi o`rinbosari Ziyadullayev Maxmudjon Djurakulovichning 2020-yil 21-fevral kuni Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 205-maktab o‘quvchilari bilan uchrashuvi bo`lib o`tdi.

Maxmudjon Ziyadullayev uchrashuvda dastlab maktabda tashkil etilgan “Matematika fanidan ochiq eshiklar kuni” tadbirida ishtirok etib, bugungi kunda matematika sohasini rivojlantirish hamda ushbu fan yutuqlaridan amaliyotda foydalanishni kengaytirish maqsadida yoshlarda ushbu fanga qiziqishni kuchaytirish yuzasidan o`z tavsiyalarini berdi.

Shuningdek, uchrashuvda maktab taʼlimi tizimini isloh qilish boʻyicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, bu borada oldimizda turgan dolzarb vazifalar haqida so‘z yuritildi.

O‘quvchilarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlarga eʼtiborni kuchaytirish, ularni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini singdirish, kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirish masalalari borasidagi 5 ta muhim tashabbusining mazmun-mohiyati haqida tushuncha berildi.

Mazkur tadbirga O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, taniqli so`z ustasi Xojiyev Tolib Tojievich ham taklif etildi. U Vatan tuyg`usi, ustoz va muallimlarni e`zozlash, tinchlikni asrab-avaylash, odob-axloq haqida gapirdi.

Shu bilan birga ona diyorimizni madh etuvchi sheʼr va ibratli so‘zlardan misollar keltirildi. Bolalarga xos bo`lgan hajviy chiqishlar o`quvchilarga shodlik ulashdi.

Axborot xizmati