17/09/2018

Moskva (Rossiya Federatsiyasi) shahrida 2018 yilning 10-14 sentyabr kunlari 2016 yilgi Butunrossiya qishloq xo`jaligida ro`yxatga olishni tashkil etish va o`tkazish tajribasini o`rganish tashkil etildi.

O`zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo`mitasidan, mazkur tadbirda  Davlat statistika qo`mitasi raisining o`rinbosari A.Ikramov, Qishloq xo`jaligi va ekologiya statistikasi boshqarmasi boshlig`i Sh.G`ulomov, Statistik registrlarni yuritish va tizimli xizmat ko`rsatish boshqarmasi boshlig`i N.Sheraliev, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish va interaktiv davlat xizmatlari boshqarmasi boshlig`i K.Kan, Statistika ishlarini tashkil etish va metodologiya boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari A.Tulyaganovlar ishtirok etishdi.

 Mazkur tadbir, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 31 iyuldagi PQ-3165-sonli qarori bilan tasdiqlangan, 2017-2021 yillarda statistika faoliyatini tashkil etish samaradorligini tubdan oshirish, statistika axborotlari sifatini va ularni tarqatish tizimini yaxshilash bo`yicha chora-tadbirlar dasturida belgilangan, O`zbekiston Respublikasida 2020 yilda qishloq xo`jaligida mikro ro`yxatga olishni o`tkazishga tayyorgarlik ko`rish doirasida tashkil etildi.

O`rganishlar Rossiya Federatsiyasining davlat statistika federal xizmati, shuningdek, davlat statistika federal xizmatining Moskva viloyati bo`yicha hududiy organida o`tkazildi.

Tadbir davomida, Davlat statistika qo`mitasi delegatsiyasi tomonidan ro`yxatga olishning normativ-huquqiy bazasi, metodologiyasi, tashkiliy masalalari, xodimlarni o`qitishni va axborot-tushuntirish ishlarini tashkil etish tartibi, ma`lumotlarni to`plashni amalga oshiruvchi shaxslar mehnatiga haq to`lash shartlari o`rganildi. Shuningdek, Butunrossiya qishloq xo`jaligida ro`yxatga olishning yakunlarini umumlashtirish va e`lon qilish bilan bog`liq tashkiliy choralar, statistik instrumentariy, ma`lumotlarni avtomatik qayta ishlash masalalari muhokama qilindi.