2018 yilning 24-28 sentyabr kunlari Jeneva (Shveytsariya) shahrida aholi va uy-joy fondini ro`yxatga olish masalalari bo`yicha seminar va ekspertlar guruhining yig`ilishi bo`lib o`tdi. Mazkur tadbirlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi va Yevrostat tomonidan tashkil etildi.
Seminar va yig`ilishda Davlat statistika qo`mitasining Statistika ishlarini tashkil etish va metodologiya boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari A.Tulyaganov hamda Andijon viloyati statistika boshqarmasi boshlig`ining birinchi o`rinbosari N.To`xtaboevlar ishtirok etishdi.
Seminar Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlari statistika idoralari vakillari hamda xalqaro tashkilotlar ekspertlari ishtirokida o`tkazildi.
ekspertlar guruhining yig`ilishida 47 ta davlatdan statistika idoralari vakillari hamda BMTning Yevropa Iqtisodiy komissiyasi, BMTning Aholishunoslik jamg`armasi (yuNFPA), BMTning oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi tashkiloti (FAO), Yevrostat, MDHning Statistika qo`mitasi ekspertlari, BMTning Kosovo bo`yicha missiyasi, Yevropa Ittifoqining Bosniya va Gertsegovina bo`yicha delegatsiyasi, aholishunoslik bo`yicha Minnesota markazi ekspertlari hamda taklif etilgan ekspertlar ishtirok etishdi.
Seminar va ekspertlar guruhi yig`ilishida aholini ro`yxatga olishda innovatsion usullar va yangi axborot manbalaridan foydalanish, ma`lumotlar sifatini baholash, foydalanuvchilarning ehtiyojlarini qondirish, aholini ro`yxatga olish va ijtimoiy kuzatuvlarni integratsiyalash, aholini ro`yxatga olishda Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan bog`liq ehtiyojlar masalalari muhokama qilindi va bu borada qator davlatlar tajribalari o`rganib chiqildi.
Axborot xizmati