31/10/2018

2018 yil 31 oktyabr kuni soat 15:00 da Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutida “Milliy statistika tizimi: nazariya va amaliyot” mavzusida “Davra suhbati” bo`lib o`tdi.

Tadbirda, Davlat statistika qo`mitasi Raisi o'rinbosari Maxmudjon Ziyadullayev, Kadrlarni qayta tayyorlash va statistika tadqiqotlari markazi rahbariyati, qo'mita tarmoq boshqarmalari boshliqlari, Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti o`qituvchilari va talabalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbati davomida O`zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglarda xolis va to`g`ri baholanishini ta`minlash maqsadida, Davlat statistika qo`mitasi tomonidan xalqaro tashkilotlarning 23 savolnomasi doimiy ravishda to`ldirib kelinayotgani qayd etib o`tildi. Hozirda qo`mita Yevropa iqtisodiy komissiyasi, Xalqaro valyuta jamg`armasi, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa bir qator nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan yaqin aloqa o`rnatib, statistika sohasida samarali hamkorlik ishlarini olib bormoqda.

Davra suhbati qatnashchilariga Davlat statistika qo`mitasi boshqarma boshliqlari tomonidan “Davlat statistika qo`mitasi tizimi faoliyatini tubdan takomillashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar”, O`zbekiston respublikasi ijtimoiy–iqtisodiy rivojlanishining asosiy ko`rsatkichlari (2018 yil yanvar-sentyabr yakunlari) mavzularida ma`ruzalar qilinib, batafsil tushuntirishlar berildi.

Davra suhbati so`ngida, Davlat statistika qo`mitasining mas`ul xodimlari tadbir ishtirokchilarini qiziqtirgan va boshqa turli savollarga atroflicha javob qaytardi.

Axborot xizmati

 

Tugmani bosing Tinglash GSpeech