So‘nggi yillarda mamlakatimizda ichki turizmni rivojlantirish borasida qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishlarda ham ichki turizm salohiyatini kengaytirish, tarixiy obidalarimiz va madaniy merosimizga bo‘lgan qiziqishni oshirish, mahalliy sayyohlar sonini ko‘paytirish muhim vazifa sifatida belgilab berildi. Jumladan, Davlatimiz rahbari raisligida hududlarning turizm salohiyatini yanada oshirish hamda xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini jadallashtirish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida har oyning bitta shanba va yakshanbasi — “oila va mehnat jamoasi bilan sayohatga chiqish” kuni, deb eʼlon qilinishi ta’kidlangan edi.
Shu munosabat bilan, joriy yilning 26-aprel kuni Milliy statistika qo‘mitasi Kasaba uyushmasi tashabbusi bilan Qo‘mita markaziy apparati hamda hududiy statistika boshqarmalari xodimlari ishtirokida Oqsaroy majmuasiga sayohat amalga oshirildi.
Tashrif davomida ishtirokchilar tarixiy shaxslarimizning boy merosi, Oqsaroy me’moriy obidasi va undagi nodir eksponatlar bilan yaqindan tanishdilar.
Bu kabi tadbirlar xodimlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, jamiyatimizda sog‘lom milliy ongni shakllantirish, tarixiy merosimizni asrab-avaylash va kelajak avlodga benuqson yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.