Joriy yilning 6-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga bagʻishlangan targʻibot tadbiri oʻtkazildi. Unda agentlikning markaziy apparati xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirni Statistika agentligi Yuridik bo‘limi boshlig‘i To‘xtayev Vahob Oripovich ochib berib, bosh qomusimizdagi yangi normalar, jumladan, taʼlim tizimi, fuqarolarning uy-joyga boʻlgan huquqlari, xususiy mulkchilik shakllari boʻyicha belgilangan oʻzgarishlar haqida alohida toʻxtalib oʻtdi.
Shuningdek, 2023-yil 30-aprelda qabul qilingan Konstitutsiyamiz 155 moddadan iboratligi va normalar soni esa 434 tadan iboratligi xodimlarga tushuntirildi. Shu asosda 27 ta yangi moddalar qoʻshilganligi va ularning mazmun-mohiyati tushuntirib berildi.
Konstitutsiyada inson huquqlariga oid normalar 3 barobarga, aholi salomatligini asrash bilan bogʻliq boʻlgan normalar 4 barobarga koʻpaytirilganligi ta’kidlandi.
Bu mustaqil Oʻzbekiston – ijtimoiy, huquqiy davlat deb belgilanganligining muhim asosidir.
Ushbu Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklari va qonuniy manfaatlari hamda xususiy mulkchilik shakllarning qonuniy himoyasi ilgʻor jahon tajribasi asosida toʻliq shakllantirilganligi aytib o‘tildi.