Joriy yilning 22-may kuni Moskva shahrida “Statistika boʻyicha II Xalqaro talabalar olimpiadasi” boshlandi.
Festivalda MDHning yettita davlatidan ishtirok etayotgan 13 ta jamoa statistikaga oid bilimlarini sinovdan oʻtkazmoqda. Ushbu olimpiada turli oliy oʻquv yurtlari talabalaridan iborat jamoalar oʻrtasida oʻtkaziladigan musobaqa hisoblanib, unda Oʻzbekistondan ham ikkita jamoa ishtirok etmoqda.
Olimpiada ishtirokchilarga statistika sohasidagi bilim va koʻnikmalarini namoyish etish, shuningdek, MDHning turli davlatlaridan kelgan boshqa talabalar bilan tajriba almashish uchun qulay imkoniyat yaratadi.
Eslatib oʻtamiz, 2023-yilning 15-19-may kunlari Moskva shahridagi G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetida MDH Statistika qoʻmitasi tomonidan ilk bor “I Xalqaro talabalar statistika festivali” doirasida statistika boʻyicha xalqaro talabalar olimpiadasi boʻlib oʻtgan edi.
Unda “Xalqaro talabalar statistika festivali” doirasida talabalar olimpiadasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligining Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti jamoasi ham munosib ishtirok etib, “Eng yaxshi mintaqaviy tahlil” va “Ilmiy tadqiqotlarda ijodkorlik” nominatsiyalari boʻyicha gʻolib boʻlishgan edi.
Mazkur tadbirni oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad soha uchun malakali kadrlarni shakllantirib borish, statistikaning mavqeini yanada mustahkamlash hamda xalqaro talabalar ilmiy hamkorligini yanada rivojlantirishdir.
Xalqaro olimpiada o‘z ishini davom ettirmoqda.